"EMMM" DUK yangiliklari

Qashqadaryo viloyati EMMX mutaxassislari tomonidan TATU Qarshi filialida seminar tashkil etildi

Zamonaviy axborot texnologiyalarining jadal sur’atlarda rivojlanishi barchamizdan yetarli malaka va ko‘nikmalarni talab etmoqda. Bu talab kundalik hayotimizning barcha jabhalaridan to bajarib turgan ish faoliyatimizgacha yaqqol ko‘zga ko‘rinmoqda. Ayniqsa, bugungi kunda axborot kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) yo‘nalishida ta’lim olayotgan talabalardan ushbu soha bo‘yicha bilim olishda yuksak zakovatga ega bo‘lish va kuchli raqobatga har tomonlama tayyor bo‘lish vazifalari qo‘yilmoqda.

AKT sohasida ta’lim olayotgan talabalarning ma’muriy islohotlar jarayonida faolligini yanada oshirish, ularning raqamli ko‘nikmalarini rivojlantirish orqali ish bilan ta’minlashga zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligining 2023-yil 4-maydagi 30-f-son farmoyishi qabul qilingan. Mazkur farmoyishda 2023-yilning 10-may – 2-iyun kunlari Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (TATU) va uning hududiy filiallarida “Raqamli texnologiyalar sohasida yoshlarga yaratilgan imkoniyatlar hamda kelajakda munosib kasbga ega bo‘lish yuzasidan tavsiyalar” mavzusida amaliy seminar-treninglar tashkil etish belgilangan.

Shu munosabat bilan 2023-yil 18-19-may kunlari Qashqadaryo viloyati Elektromagnit moslashuv xizmati xodimlari tomonidan TATU Qarshi filialida seminar tashkil etildi. Seminarda bugungi kunda davlatimiz tomonidan AKT sohasida yaratilgan ulkan shart-sharoitlar to‘g‘risida ta’kidlab o‘tildi. Shuningdek, talabalar korxonamizning faoliyati va vazifalari bilan bog‘liq bo‘lgan qiziqarli ma’lumotlar bilan ham tanishtirildi.

Xulosa qilib aytganda, amalga oshirilayotgan bu kabi hamkorliklar kelajakda sohamiz uchun malakali kadrlarni tayyorlashga ulkan hissa qo‘shadi.


 

Tayyorladi: Qashqadaryo viloyati EMMX tarmoq muhandisi A.A.Qudratov

Faylni tanlang