O‘zbekiston Prezidentining xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat va davlat oldidagi o‘rnini mustahkamlash, salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish bo‘yicha qabul qilgan qaror va farmonlari axborot texnologiyalari sohasida ham o‘z amaliy natijasini bermoqda. Bugungi kunda qizlarning AT sohasiga jalb etilishi, ularning kasbiy o‘sishi va yetakchilik salohiyatini namoyon etishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.

Shu maqsadda Raqamli texnologiyalar vazirligida navbatdagi uchrashuv tashkil etildi. Unda AT sohasiga xotin-qizlarni keng jalb qilish, faol va istiqbolli xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning yutuqlari haqida muntazam axborot berish hamda tashkilotlararo hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida ularni qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari, ta’lim imtiyozlari, grant va sertifikat dasturlari hamda davlat mukofotlari haqida muntazam xabardor qilib borish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, sohada faoliyat yuritayotgan ayollar bo‘yicha yagona ma’lumotlar bazasini yaratish, ularni bir tizimga birlashtirish hamda kosmik va kiberxavfsizlik kabi xotin-qizlar ishtiroki kam boʻlgan yo‘nalishlarda targ‘ibot ishlarini kuchaytirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Bundan tashqari, yetakchi ta’lim muassasalari va xalqaro hamjamiyatlar bilan hamkorlikni kengaytirish orqali qizlarni yangi sohalarga jalb qilish rejalashtirildi.
Mazkur uchrashuvda vazirlik va soha tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar hamda mas’ul mutaxassislar ishtirok etishdi. Ularning faol muhokamasi va ilgari surilgan takliflari sohada ayollar ishtirokini yanada kengaytirish borasidagi ishlar izchil davom etayotganidan dalolat beradi.