"EMMM" DUK yangiliklari

Navoiy viloyatida radiohavaskorlar bilan uchrashuv tashkil etildi.

Radiohavaskorlarning tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak bu radioaloqa ixtirosi bilan boshlanadi. O‘sha vaqtlarda ko‘plab radiohavaskorlar yangi ixtiro qilingan aloqa vositasi ustida tajribalar, izlanishlar o‘tkazishgan va uzoqlardagi o‘zlari singari radiohavaskorlar bilan radioaloqa o‘rnata boshlaganlar. Bu esa vaqt o‘tishi bilan ularning xobbisiga aylangan.

Dastlab, professional aloqachilar va harbiylar tijorat hamda davlat ehtiyojlari uchun uzun va o‘ta uzun to‘lqin diapazonlaridan foydalanganlar. Chunki ushbu diapazondagi toʻlqinlar o‘sha davrning hisobi bo‘yicha birmuncha uzoq masofaga tarqaladi deb hisoblangan va to‘siqlarning aylanib o‘tish qobiliyati yuksak baholangan. Ularda qisqa to‘lqin diapazonlari biror bir qiziqish uyg‘otmagan va shuning uchun ham ushbu diapazonlar radiohavaskorlar foydalanishi uchun ajratilgan.

Vaqt o‘tishi bilan radiohavaskorlar qisqa va ba’zi o‘ta qisqa to‘lqinlarning yer shari ionosfera qatlamidan akslanib qaytishi va uzoq masofalarga tarqalishi, hatto yer sharini bir necha marotaba aylanib chiqa olish xususiyatlarini kashf qiladilar. Bu kashfiyotlar tajriba laboratoriyalarida o‘z tasdig‘ini topgandan so‘ng, ushbu diapazonlarga tijorat, turli davlat xizmatlari va harbiy radiostansiyalar tezlik bilan kirib kelgan.

Radiohavaskorlarga esa ma’lum bir chegaralangan chastota diapazonlari ajratildi. Bugungi kunga qadar, radiohavaskorlar o‘z xobbilari bilan shug‘ullanib kelmoqdalar.

E’tiborlisi shuki, bunday radiohavaskorlar bizning Navoiy viloyati hududida ham mavjud.

2022-yilning noyabr oyida Navoiy viloyati Elektromagnit moslashuv xizmati xodimlari radiohavaskorlar bilan borib uchrashishdi va radiohavaskorlik radiostansiyalarining texnik parametrlari oʻlchandi.

 

Uchrashuvlar davomida, Radiochastotalar bo‘yicha Respublika kengashining 2021-yil
3-martdagi 638-sonli “O‘zbekiston Respublikasi hududida radiohavaskorlik radiostansiyalaridan foydalanishning texnik shartlari haqida”gi qarori shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 22-dekabrdagi 801-sonli “Radiochastota spektridan foydalanish sohasida ruxsat etish hamda radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalardan foydalanishni tartibga solish to‘g‘risida”gi qarorining tegishli bandlari bilan tanishtirildi.

Mazkur uchrashuvlar yakunida, radiohavaskorlarga radiohavaskorlik radiostansiyalaridan foydalanish uchun belgilangan texnik shartlar, belgilangan quvvatlar, radiochastota diapazonlari va radioaloqa turlari hamda ulardan foydalanishga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risida tushunchalar berildi.

 

Navoiy viloyati EMMX muhandisi: S.Ermamatov

Faylni tanlang