Joriy yilning 11-noyabr kuni “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi IT Park binosida “Raqamli makonda xavfsiz hayot” mavzusida seminar o‘tkazildi. Seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasidan podpolkovnik A.Alimjarov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy bank mutaxassisi Q.Nurniyazov hamda barcha soha korxonalar, jumladan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Elektromagnit moslashuv xizmati xodimlari ishtirok etishdi.

Tadbirning asosiy maqsadi xodimlarning zamonaviy kiberxavflar, keng tarqalgan kiberfiribgarlik sxemalari va ulardan himoyalanish usullari bo‘yicha xabardorligini oshirishdan iborat bo‘ldi. Seminar davomida xodimlarga kiberjinoyatchilar fuqarolar va tashkilotlar xodimlarining ishonchiga kirish uchun foydalanadigan keng tarqalgan usullar haqida ma’lumot berildi. Jumladan, soxta xizmat guvohnomalaridan foydalanish, telefon qo‘ng‘iroqlari, videoxabarlar, rahbarlarning soxta akkauntlari, shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida yaratilgan videomateriallardan foydalanish holatlari ko‘rib chiqildi.

Telegram, Instagram va WhatsApp messenjerlaridagi firibgarlik sxemalariga, fishing havolalariga, «Ovoz bering» mazmunidagi xabarlarga, SMS-kodlar va parollarni qo‘lga kiritishga bo‘lgan urinishlarga, shuningdek, pul mablag‘larini uchinchi shaxslarning bank kartalari yoki hisob raqamlariga o‘tkazish talablari kabi holatlarga alohida e’tibor qaratildi. Xodimlarga firibgarlik sxemalarini aniqlash va raqamli muhitda xavfsiz xatti-harakatlarni ta’minlash bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.

Kiberxavfsizlikning asosiy tamoyili — har bir xodimning hushyorligi. Shubhali xabarlarga ishonmang, noma’lum havolalarga o‘tmang va hech qachon parol hamda SMS-kodlarni uchinchi shaxslarga bermang.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi EMMX
1-darajali radiooperatori A.Shimbergenov