"EMMM" DUK yangiliklari

Samarqand viloyati EMMXda Davlat tilida ish yuritish masalalariga alohida e’tibor berilmoqda

Davlatimiz mustaqilligining o‘ttiz bir yilligi davomida jamiyatning barcha sohalarida izchil va sezilarli islohotlar amalga oshirilib, ilm-fanni ham, texnika va texnologiyalarni ham jadallik bilan rivojlantirishga, ravnaq toptirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Keyingi yillarda milliy ma’naviyatimiz ko‘zgusi hisoblangan ona tilimizni yanada taraqqiy ettirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.

Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev tomonidan 2019-yil 21-oktabrdagi PF-5850-son “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonining qabul qilinishi Vatanimiz tarixida til siyosatini amalga oshirishda muhim hodisa bo‘ldi.

Ma’lum vaqtdan so‘ng ya’ni 2020-yil 10-aprelda O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi Qonunining qabul qilinishi o‘zbek tiliga yuksak hurmat va e’tirofning yorqin isboti bo‘ldi. O‘sha kundan boshlab 21-oktabr “O‘zbek tili bayrami kuni” deb e’lon qilindi va bu bayram har yili keng tarzda nishonlanib kelinmoqda.

Bugungi kunda barcha davlat va nodavlat tashkilotlarida ham ish yuritish hujjatlarini o‘zbek tilida olib borish, barcha rasmiy xat va xabarlarni davlat tilida e’lon qilish kun tartibiga qo‘yilgan eng muhim va dolzarb masalalardan biri bo‘lib turibdi. Bunga qadar aksariyat korxona, tashkilot va muassasalarda davlat tilida ish yuritish masalasi ancha og‘riqli nuqtalardan biri edi. Chunki rasmiy hujjatlarning katta qismi o‘zbek tilida rasmiylashtirilmas va bunga ko‘p ham e’tibor qilinmasdi. Ammo bugun jamiyatda tilga bo‘lgan munosabat tubdan o‘zgardi, har bir fuqaroda uning kelajagi haqida qayg‘urish hissi shakllandi.

Har qanday ish hujjati davlat tili nuqtai nazaridan qaytadan ko‘rib chiqilmoqda. Xususan, Samarqand viloyati EMMXda ham har bir rasmiy ish qog‘ozi bugungi kunda davlat tilida yuritilmoqda. Tilimizning mavqeini mustahkamlash, uni har tomonlama ravnaq toptirishga munosib hissa qo‘shishga va bu boradagi targ‘ibot-tashviqot ishlarini keng olib borishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Zero, til- millat g‘ururi, millat ruhidir. Uning tobora keng taraqqiy etishiga har birimiz birdek mas’ulmiz.

 

Tayyorladi: Samarqand viloyati EMMX

1-toifali muhandisi M.Abdualimov

Faylni tanlang