Soha yangiliklari

Toshkentda sun’iy intellekt va raqamli hukumat sohasida xalqaro trening o‘tkazildi

Toshkent shahrida davlat boshqaruvida raqamli transformatsiya va sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirishga bag‘ishlangan “Davlat sektori innovatsiyalari uchun raqamli hukumat” bo‘yicha salohiyatni oshirish dasturi o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda BMTning Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESCAP) huzuridagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va taraqqiyot bo‘yicha Osiyo va Tinch okeani o‘quv markazi (APCICT) hamkorligida tashkil etilgan mazkur dastur davlat xizmatlari sohasida raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt yechimlarini keng joriy etish, davlat boshqaruvi tizimida innovatsion yondashuvlarni rivojlantirish hamda davlat xizmatchilarining zamonaviy bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratildi.

Ikki kunlik o‘quv dasturida shahar va tuman hokimlarining raqamlashtirish va sun’iy intellekt bo‘yicha maslahatchilari ishtirok etdi. Dastur ishtirokchilarning raqamli transformatsiya jarayonlarini samarali boshqarish, sun’iy intellekt texnologiyalarini davlat boshqaruviga joriy etish hamda innovatsion yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha salohiyatini mustahkamlashga xizmat qildi.

Dastur doirasida davlat boshqaruvida sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash, uning davlat xizmatlari sifatini oshirish, boshqaruv qarorlarini qabul qilish jarayonlarini takomillashtirish va ma’lumotlar tahlili asosida samaradorlikni kuchaytirishdagi ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, ishtirokchilar raqamli hukumatning rivojlanish tendensiyalari, ochiq ma’lumotlar va ma’lumotlarni boshqarish, davlat xizmatlarini raqamlashtirish hamda fuqarolarga yo‘naltirilgan va shaffof davlat boshqaruvini shakllantirish bo‘yicha xalqaro tajriba va ilg‘or amaliyotlar bilan tanishdilar.

Trening va amaliy mashg‘ulotlar davomida sun’iy intellekt texnologiyalarini mas’uliyatli va samarali joriy etish, ochiq ma’lumotlardan foydalanish, ma’lumotlarga asoslangan qarorlar qabul qilish hamda davlat organlarida raqamli innovatsiyalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Dastur yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.

Faylni tanlang