Bugun, 29 iyun kuni Toshkentda “Sun’iy intellekt 101” nomli o‘quv kursiga start berildi. Ikki kunlik dastur sun’iy intellekt sohasida zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish, ta’lim jarayoniga innovatsion yondashuvlarni joriy etish hamda raqamli texnologiyalardan samarali va mas’uliyatli foydalanish madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan.

Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov hamda Toni Bler Global O‘zgarishlar Instituti (TBI)ning Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Devid Xoffman ishtirok etdi.
Tadbir davomida mamlakatda sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish, raqamli iqtisodiyot uchun malakali kadrlar tayyorlash, ta’lim tizimiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va inson kapitalini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘quv kursi dasturining birinchi kuni sun’iy intellektning asosiy tushunchalari, uning ta’lim sohasidagi ahamiyati, katta til modellarining ishlash tamoyillari, inson va sun’iy intellekt o‘rtasidagi o‘zaro muloqot asoslari hamda samarali promptlar yaratish usullariga bag‘ishlandi. Shuningdek, ishtirokchilar sun’iy intellekt vositalaridan o‘quv materiallarini tayyorlash, ta’lim jarayonlarini tashkil etish va tahlil qilishda foydalanish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etdilar.
Toni Bler Global O‘zgarishlar Institutining Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Devid Xoffman o‘z chiqishida raqamli transformatsiya jarayonlarida inson kapitalining ahamiyati, ta’lim sohasida innovatsion yondashuvlarni keng joriy etish va sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha xalqaro tajribalar haqida fikr bildirdi. Shuningdek, u davlat boshqaruvi va ta’lim sohasida texnologiyalarni samarali qo‘llash orqali yangi imkoniyatlar yaratish muhimligini ta’kidladi.
Kursning ikkinchi kuni sun’iy intellektdan amaliy va mas’uliyatli foydalanish masalalariga bag‘ishlangan bo‘lib, ishtirokchilar ta’lim jarayonida sun’iy intellektni qo‘llash, kontekstni boshqarish, ilg‘or promptlar yaratish usullari hamda texnologiyalardan foydalanish bilan bog‘liq ehtimoliy xavflarni baholash va boshqarish bo‘yicha bilimlarga ega bo‘ladilar.
Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zaro tajriba almashish, amaliy mashg‘ulotlarda qatnashish va sun’iy intellekt vositalarini o‘z faoliyatiga joriy etish bo‘yicha yangi bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ladilar.