Soha yangiliklari

TATUda magistrlik diplomlari topshirildi

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida 2017-yil 17-iyun kuni magistrlarga diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Har o‘quv yilida magistrlarga diplom topshirish marosimi universitetda tantanali ravishda, bayramona ruhda o‘tkaziladi. Bu yil ham an’anaga sodiq qolgan holda ushbu marosim tantanali, bayramona ruhda tashkil etildi.

Bu yil 9 ta mutaxassislik bo‘yicha 151 nafar talaba magistrlik dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qilib, “Magistr” unvoniga ega bo‘lishdi.

Universitetda magistrlarning bilim olishlari va ilmiy faoliyat olib borishlari uchun hamma imkoniyatlar yaratilgan. Bugungi kunda katta fondga ega bo‘lgan axborot resurs markazi, virtual laboratoriya ishlari va ma’ruza matnlari bilan boyitilgan elektron kutubxona magistrlar xizmatida. Bundan tashqari, internet tizimidan keng foydalanish ham yo‘lga qo‘yilgan. Universitet magistrlari xorijiy mamlakatlarning oliy o‘quv yurtlarida ham malakalarini oshirib kelmoqdalar.

Bu yilgi bitiruvchilarning magistrlik dissertatsiyalarining yuqori darajada tayyorlanganligi Davlat attestatsiyasi Komissiyasi tomonidan alohida ta’kidlab o‘tildi. Ayniqsa, 30 ga yaqin magistrlik dissertatsiyalarining chet tillarida himoya qilinganligi e’tiborga sazovordir.

Manba: Axborot xizmati

Faylni tanlang