Soha yangiliklari

«Huawei Technologies» kompaniyasining mintaqaviy prezidenti bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Vazirlikda «Huawei Technologies» kompaniyasining yaqindagina o‘z vazifasiga kirishgan Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasi bo‘yicha prezidenti Chen Xao bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv avvalida telekommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish, ilg‘or axborot texnologiyalarini hamda zamonaviy AKT-xizmatlarni joriy qilish, soha uchun malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlik natijalari xususida to‘xtalib o‘tildi.

Shundan so‘ng amalga oshirilayotgan yirik investitsion loyihalarga diqqat qilinib, ularning foydalilik ko‘rsatkichlarini oshirish dolzarb vazifa bo‘lib turgani qayd etildi. Xitoylik mutaxassislar tomonidan O‘zbekistonda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari infratuzilmasini rivojlantirish, jumladan ma’lumotlarni "bulutli" saqlash xizmatlari, keng polosali internet texnologiyalar qatorida, ularning biznes yechimlari yuzasidan takliflar ilgari surildi.

Har ikki tomon jahon miqyosidagi AKTning rivojlanish tendensiyalari va istiqbolli yo‘nalishlari xususida fikrlarini bayon etishdi.

Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xitoy Xalq Respublikasiga uyushtirgan muvaffaqiyatli davlat tashrifi o‘zbek-xitoy hamkorligini yangi bosqichga ko‘targani, bu esa istiqbolda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida ishonchli hamkorlik uchun asos ekanligi ta’kidlandi.

Faylni tanlang