Soha yangiliklari

Forishning tog‘oldi hududlari ham yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlanmoqda

Mutaxassislar internetni bejizga o‘rgimchak to‘riga qiyoslashmaydi. Boisi, bugun dunyo miqyosida undan foydalanish ko‘lami ortib bormoqda va ayni shu “o‘rgimchak to‘ri” qobig‘ida tom ma’nodagi ikkinchi dunyo – vertual olam yaralgan. E’tiborlisi, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining taraqqiyoti mamlakatimizda ham yangi bosqichga olib chiqilmoqda. Xususan, “O‘zbektelekom” AK va uning hududiy filiallari, tuman telekommunikatsiya bog‘lamalari tomonidan bu borada amalga oshirilayotgan ishlar natijasida bugun yurtimizda internet yetib bormagan hudud deyarli topilmaydi. Misol uchun, Ilonchi qishloq fuqarolar yig‘ini viloyat markazidan ancha olisda, tog‘oldi hududida joylashgan. Biroq Kompaniyaning Jizzax filiali tashabbusi bilan mazkur qishloqda aloqa sohasida yaratilgan imkoniyatlar o‘rtadagi masofani yo‘qqa chiqardi. Bugungi kunda qishloq aholisining zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanishi uchun talab etiladigan zaruriy texnik sharoitlar ta’minlangan. Buning uchun Jizzax filiali Forish tuman telekommunikatsiya bog‘lamasi xodimlari tomonidan hududga 8 km optik tolali aloqa kabellari yotqizib borildi. Endilikda tog‘oldi hududi bo‘lishiga qaramay Ilonchi QFY aholisi ham zamonaviy internet va telefon xizmatlaridan qulay sharoitlarda foydalanishi mumkin.
Faylni tanlang