Sirdaryo viloyati elektromagnit moslashuv xizmati tomonidan “Yashil iqtisodiyot” davlat dasturi doirasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida izchil va tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, xodimlar o‘rtasida ekologik madaniyatni yuksaltirish, muqobil energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish hamda atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan doimiy targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda.
Mazkur targ‘ibot ishlari natijasida xizmatning 5 nafar xodimi o‘z yashash xonadonlariga jami quvvati 40 kVt bo‘lgan quyosh panellarini o‘rnatdi. Ushbu tashabbus energiya resurslaridan oqilona foydalanish, elektr energiyasini tejash hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ommalashtirishga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, 4 nafar xodim tomonidan yashash uy-joylari atrofida turli manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekilib, yashil bog‘lar barpo etildi. Bu esa ekologik holatni yaxshilash, havoni tozalash, shuningdek, yashil hududlar maydonini kengaytirish orqali aholi turmush sifatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Sirdaryo viloyati elektromagnit moslashuv xizmati xodimlarining ushbu amaliy tashabbuslari “Yashil iqtisodiyot” davlat dasturining joylardagi ijrosini yaqqol namoyon etib, kelgusida ham ekologik barqarorlikni ta’minlash va yashil tashabbuslarni kengaytirishga munosib hissa qo‘shadi.






