Soha yangiliklari

Open Data Challenge-2018 tanlovi yakunlandi

2018-yil 7-dekabr kuni “Open Data Challenge – 2018” tanlovi o‘z nihoyasiga yetdi. Toshkentdagi Inha universitetida tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi doirasida Inha universiteti rektori M. Jalolov va Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi direktori Z.Raxmatullayev so‘zga chiqdilar. Ular barcha ishtirokchilar va mehmonlarga minnatdorlik bildirib, ochiq ma’lumotlar nafaqat axborot texnologiyalarini rivojlantirishda, balki dunyodagi har qanday mamlakat iqtisodiyotining taraqqiy etishida ham muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.

Tadbirga Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi janob Kristofer Allan hamda EXHT O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori bosh maslahatchisi Yurgen Beker  ham ishtirok etdi.

Shuni ta’kidlash joizki, bu yil 560 kishi Xakatonda ishtirok etish istagini bildirgan. Tanlovning maxsus test sinovlaridan esa 200 nafar ishtirokchi o‘ta olgan va ulardan 48 ta jamoa tuzilgan.

Quyidagilar “Open Data Challenge-2018” tanlovning  g‘oliblariga aylandilar:

1) “Aqlli shahar” uchun ochiq ma’lumotlarga asoslangan eng yaxshi loyiha”

1-o‘rin: Comtek jamoasi;

2-o‘rin: STUIborn jamoasi;

3-o‘rin: Kaizen jamoasi.

2) “Ochiq ma’lumotlarga asoslangan eng yaxshi biznes loyiha”

1-o‘rin: AdGram jamoasi;

2-o‘rin: Bizplace jamoasi;

3-o‘rin: COUT jamoasi.

3) “Ochiq ma’lumotlarni generatsiyalash (transformatsiyalash) bo‘yicha eng yaxshi loyiha”

1-o‘rin: Sudden Jump jamoasi;

2-o‘rin: Code Sys jamoasi;

3-o‘rin: HiTouch jamoasi.

Tashkilotchilar faxrli o‘rinlarni olgan ishtirokchilarga qimmatbaho sovg‘alar va diplomlar topshirdilar.

Shuningdek, bu yilgi tanlov sardori 12 yoshli Muhammadyusuf Mahamatrasuljonov bo‘lgan jamoa bilan ajralib turdi. Ushbu jamoa tarkibi eng yosh a’zolardan iborat ekaniga qaramasdan, mamlakatda sayyohlikni rivojlantirishga qaratilgan to‘laqonli veb-sayt ishlab chiqishning uddasidan chiqdi va zamonaviy virtual reallik unsurlaridan foydalangan holda mamlakat kelajagini qanday ko‘rishlarini namoyish etib berdi.

Gran Pri mukofotiga (Тexnologik kompaniyalar va biznes maslahatchilari innovatsion mahsulot va yechimlar taqdim etadigan global platforma rolini o‘tovchi, Madridda o‘tkaziladigan xalqaro anjumanga yo‘llanma) turli mobil operatorlarning signallari darajasi haqidagi ma’lumotlarni xaritada jamlovchi va aks ettiruvchi Signum dasturini ishlab chiqqan Sudden Jump jamoasi munosib deb topildi.

Manba: Axborot xizmati

Faylni tanlang