"EMMM" DUK yangiliklari

“Assalom, Navro‘z – yangilanish, mehr-oqibat va qadr-qimmat ayyomi!”

2022-yil 31-mart kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hududida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan “Assalom Navro‘z – yangilanish, mehr-oqibat va qadr-qimmat ayyomi!” nomli tantanali bayram tadbiri tashkil etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.Shermatov, vazir o‘rinbosarlari, vazirlik tizimidagi korxona va tashkilotlar rahbarlari, har bir tashkilotdan bayram tashkilotchilari, vazirlik tizimidagi hududiy boshqarmalarning vakillari va aloqa sohasida faoliyat yuritgan faxriylar hamda talaba-yoshlar qatnashdilar.

Tadbirda respublikamizning har bir hududiga xos urf-odatlarga asoslangan milliy liboslar va milliy taomlar ko‘rgazmalari tashkil etildi. Ko‘rgazmada vazirlik tizimidagi korxona va tashkilotlar qatori, “Elektromagnit moslashuv markazi” DUK ham o‘ziga biriktirilgan hudud – Jizzax viloyatining milliy taomlari va liboslari ko‘rgazmasi bilan ishtirok etdi. Viloyatning urf-odatlariga xos, milliy ruhda tuzatilgan dekoratsiyalar, Jizzaxning somsasi, xolvasi, qozon patirlari, sariyog‘i, qurti, Baxmalning olmalari bilan bayramona bezatilgan dasturxon va milliy liboslar ko‘rgazmasi mehmonlar tomonidan e’tirofga sazovor bo‘ldi hamda hakamlar hay’ati tomonidan munosib baholandi. Ko‘rgazmada “Elektromagnit moslashuv markazi” DUK “Eng yaxshi Navro‘z taomlari” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib deb topildi.

Navro‘z tantanalari bilan bir qatorda, vazirlik tizimidagi korxona va tashkilotlar tomonidan tizimdagi oliy ta’lim muassasalari bitiruvchi-talabalari uchun “Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi” tashkil etildi. Yarmarkada talaba-yoshlar tizimdagi korxonalarda mavjud bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishdilar va ish beruvchilar bilan bevosita muloqotlar asosida ta’lim yo‘nalishlariga mos ishga yo‘llanmalar oldilar.

 

Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari
bilan aloqalar mutaxassisi L.A.Turgunova

Faylni tanlang