Qalin archazorlarga burkangan tog‘lar, soylardan oqib tushayotgan zilol suvlar, toza havoga boy yaylovlar, tabiatning ushbu ne’matlari insonni bevosita o‘ziga maftun etadi. Jizzax viloyatining Zomin tog‘lari ushbu ne’matlarga boy va inson kayfiyati va salomatligiga ijobiy ta’sir qilib, kishiga unutilmas taassurotlar beradi.

Joriy yilning 7 va 8 iyun kunlari Samarqand viloyati EMMX xodimlari Jizzax viloyatida joylashgan “Zomin” tog‘lariga sayohat qildilar. Sayohat davomida xodimlar hududning betakror tabiatidan bahramand bo‘ldilar. Xodimlar hududdagi “Bobo yong‘oq”, “Ming yillik archa”, “Sherbuloq” deb ataluvchi diqqatga sazovor joylariga tashrif buyurdilar. Hududdagi sayyohlar uchun tashkil etilgan osma ko‘prik va dor yo‘li kabi ko‘ngilochar komplekslarga chiqdilar va Zomin tog‘larini yanada go‘zal nuqtadan ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Zomin tog‘larida yog‘ingarchilik, namlik va toza havo miqdorining ko‘pligi hududning doimo yashillik kasb etishini ta’minlaydi. Shuning uchun ham betakror tabiat, qalin archazorga burkangan tog‘lar, muzdek zilol suvlar va shifobaxsh buloqlarni aynan shu yerdan topish mumkin. Qalin archa va qarag‘ay o‘rmonlari kishini bahridilini ochadi.

Shuningdek, xodimlar hududdagi zamonaviy va shinam mehmonxonalarga joylashtirildi va hududda tashkil etilgan sog‘lomlashtirish komplekslaridagi inson sog‘lig‘i uchun foydali bo‘lgan turli davolash mashg‘ulotlarida ishtirok etdilar.
Ikki kunlik sayohat davomida xodimlar juda foydali va maroqli hordiq chiqarishdi. Albatta bunday sayohat xodimlarning ishchanlik qobiliyati va sog‘liqlariga ijobiy ta’sir qiladi.
Bunday sayohatni tashkil qilib bergani uchun “EMMM” DUK rahbariyati va kasaba uyushmasi qo‘mitasiga jamoamiz nomidan minnatdorchilik bildiramiz.
Tayyorladi: Samarqand viloyati EMMX muhandisi I.Tojiyev