Joriy yilning 24–25 may kunlari “Elektromagnit moslashuv markazi” davlat unitar korxonasi Kasaba uyushmasi qo‘mitasi tashabbusi bilan markaziy apparat xodimlari uchun Jizzax viloyatining betakror tabiati va so‘lim maskanlari bilan mashhur “Zomin” sayyohlik zonasiga ikki kunlik sayohat uyushtirildi.

Mazkur sayohatning asosiy maqsadi xodimlarning ish faoliyatidan charchog‘ini chiqarish, jamoa o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, shuningdek, vatanimizning tabiiy boyliklarini yanada chuqurroq o‘rganish va ulardan zavqlanishdan iborat bo‘ldi.

Sayohatning birinchi kuni ishtirokchilarni Zominning boy va betakror tabiati, tog‘ etaklaridagi yashil vodiylar, zilol buloqlar va musaffo havo qarshi oldi. Xodimlar birgalikda piyoda yurishlar uyushtirib, mintaqaning go‘zal manzaralaridan bahramand bo‘lishdi. Ayniqsa, Zomin milliy bog‘i hududidagi sayrlar barcha uchun unutilmas taassurotlar qoldirdi.

Sayohatning ikkinchi kuni esa ertalabdan jismoniy mashqlar va sog‘lomlashtirish faoliyatlari bilan boshlandi. Shundan so‘ng, Zominning tarixiy va madaniy obidalari bilan tanishish maqsadida ekskursiyalar tashkil etildi. Ishtirokchilar mahalliy diqqatga sazovor joylarni ko‘zdan kechirdilar, ularning tarixi va qadimiy an’analari bilan yaqindan tanishdilar.

Ikki kunlik sayohat davomida barcha xodimlar bir-birlari bilan yanada yaqinlashib, do‘stona va iliq muhitda hordiq chiqarishdi.
Bu kabi sayohatlar xodimlarning ijobiy kayfiyatini oshirish, mehnat samaradorligini kuchaytirish, sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan qiziqishni orttirish bilan birga, korxonaning jamoaviy birligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.