Joriy yilning 6-iyun kuni “Elektromagnit moslashuv markazi” davlat unitar korxonasi markaziy apparati bo‘lim va xizmatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar Elektromagnit moslashuv xizmatlari xodimlari uchun “ZOOM” ilovasi orqali o‘quv soati o‘tkazildi.
O‘quv soatida, Iqtisodiy tahlil va marketing bo‘limi 1-toifali muhandisi X. Egamberdiyeva tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi 2019-yil 25-dekabrdagi O‘RQ-598-son Qonuni mazmun-mohiyati tushuntirildi.
Ushbu Qonunning maqsadi va qo‘llanilish sohasi
Ushbu Qonunning maqsadi chet ellik hamda mahalliy investorlar tomonidan amalga oshiriladigan investitsiyalar va investitsiya faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Ushbu Qonun markazlashtirilgan investitsiyalar bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solmaydi.
Konsessiya faoliyati, mahsulot taqsimotiga oid bitimlar tuzish, ularni bajarish va bekor qilish, investitsiya, pay va venchur fondlari, kapital bozorini, shu jumladan qimmatli qog‘ozlar bilan bog‘liq operatsiyalarni tartibga solish, davlat-xususiy sheriklik, maxsus iqtisodiy zonalar sohasidagi huquqiy munosabatlar alohida qonunlar bilan tartibga solinadi.
Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilik
Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun hamda boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
investitsiya loyihasi — iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa foyda olish uchun investitsiyalarni amalga oshirishga yoxud jalb etishga qaratilgan, o‘zaro bog‘liq bo‘lgan tadbirlar majmui;
investitsiya majburiyati — belgilangan maqsadlarga erishish uchun investor tomonidan qabul qilinadigan majburiyat;
investitsiya siyosati — O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotida va uning alohida tarmoqlarida investitsiyalarning zarur darajasini va tuzilmasini ta’minlashga, investitsiya faoliyati subyektlarining investitsiya manbalarini topishga va ulardan foydalanishning ustuvor tarmoqlarini aniqlashga yo‘naltirilgan investitsiyaviy faolligini oshirishga doir o‘zaro bog‘liq tadbirlar majmui;
investitsiya faoliyati — investitsiya faoliyati subyektlarining investitsiyalarni amalga oshirish bilan bog‘liq harakatlari majmui;
investitsiya faoliyatining ishtirokchisi — investitsiyalarning amalga oshirilishini buyurtmalarni bajaruvchi sifatida yoki investorning topshirig‘i asosida ta’minlaydigan investitsiya faoliyati subyekti;
investitsiya shartnomasi — investitsiya faoliyati subyektlari o‘rtasida tuziladigan, investitsiya shartnomasi taraflarining huquqlari, majburiyatlari va javobgarligini belgilaydigan yozma bitim;
investitsiyalar — investor tomonidan foyda olish maqsadida ijtimoiy soha, tadbirkorlik, ilmiy va boshqa faoliyat turlari obyektlariga tavakkalchiliklar asosida kiritiladigan moddiy va nomoddiy boyliklar hamda ularga bo‘lgan huquqlar, shu jumladan intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlar, shuningdek reinvestitsiyalar bo‘lib, ular quyidagilarni o‘z ichiga olishi mumkin:
mablag‘larni, shu jumladan pul mablag‘larini (shu jumladan chet el valyutasini), maqsadli bank omonatlarini, paylarni, ulushlarni, aksiyalarni, obligatsiyalarni, veksellar va boshqa qimmatli qog‘ozlarni;
ko‘char va ko‘chmas mol-mulkni (binolar, inshootlar, uskunalar, mashinalar va boshqa moddiy qimmatliklarni);
intellektual mulkka doir mulkiy huquqlarni, shu jumladan u yoki bu ishlab chiqarish turini tashkil etish uchun zarur bo‘lgan, texnik hujjatlar, ko‘nikmalar va ishlab chiqarish tajribasi tarzida rasmiylashtirilgan, patentlangan yoki patentlanmagan (nou-xau) texnik, texnologik, tijoratga oid va boshqa bilimlarni, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida taqiqlanmagan boshqa qimmatliklarni;
investor — foyda olish maqsadida investitsiya faoliyati obyektlariga o‘zining mablag‘larini va (yoki) qarz mablag‘larini yoxud jalb qilingan boshqa investitsiya resurslarini investitsiya qilishni amalga oshiruvchi investitsiya faoliyati subyekti;
mahalliy investorlar — investitsiya faoliyatini amalga oshiruvchi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, O‘zbekiston Respublikasi rezidenti maqomiga ega bo‘lgan chet ellik fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, shu jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlar, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining yuridik shaxslari;
reinvestitsiyalar — investitsiyalardan olingan, tadbirkorlik faoliyati va boshqa faoliyat turlari obyektlariga kiritiladigan har qanday daromad, shu jumladan foyda, foizlar, dividendlar, royalti, litsenziya va vositachilik haqlari, texnik yordam, texnik xizmatlar uchun to‘lovlar va haqlarning boshqa turlari;
to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalari — chet ellik investorning hukumat kafolatlarisiz, tavakkalchilik sharoitlarida o‘z mablag‘lari yoki qarz mablag‘lari hisobidan investitsiyalari;
chet el investitsiyalari — chet ellik investor tomonidan ijtimoiy soha, tadbirkorlik, ilmiy va boshqa faoliyat turlari obyektlariga kiritiladigan moddiy va nomoddiy boyliklar hamda ularga bo‘lgan huquqlar, shu jumladan intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlar, shuningdek reinvestitsiyalar;
chet ellik investorlar — chet davlatlar, chet davlatlarning ma’muriy yoki hududiy organlari, davlatlar o‘rtasidagi bitimlarga yoki boshqa shartnomalarga muvofiq tuzilgan yoki xalqaro ommaviy huquq subyekti bo‘lgan xalqaro tashkilotlar, chet davlatlarning qonunchilik hujjatlariga muvofiq tashkil etilgan va faoliyat ko‘rsatadigan yuridik shaxslar, har qanday boshqa shirkatlar, tashkilotlar yoki uyushmalar, chet davlat fuqarolari va O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida doimiy yashaydigan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar;
O‘zbekiston Respublikasi hududidagi chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar — aksiyalarining (ulushlarining, paylarining) yoki ustav fondining (ustav kapitalining) kamida o‘n besh foizini chet el investitsiyalari tashkil etadigan korxonalar.
Investitsiyalar va investitsiya faoliyatining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
qonuniylik;
oshkoralik va ochiqlik;
investitsiya faoliyatini amalga oshirish erkinligi;
adolatlilik va investitsiya faoliyati subyektlarining tengligi;
investorlarga nisbatan kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik;
investorlarning vijdonliligi prezumpsiyasi.