"EMMM" DUK yangiliklari

7 may-Aloqa sohasi xodimlarining kasb bayrami kuni

Mamlakat farovonligini oshirishning va iqtisodiy o‘sishning eng muhim omili bo‘lgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda.

Bugungi kunda telekommunikatsiya texnologiyalari mamlakatimiz taraqqiyotida muhim o‘rin tutadi. Aloqa va axborot tarmoqlari infratuzilmasini modernizatsiya qilish, iqtisodiyotning barcha tarmoqlariga ilg‘or zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, innovatsion iqtisodiyotni qurish va insonlarning turmush darajasini yaxshilashning muhim shartidir.

Telekommunikatsiya sohasida erishilgan barcha yutuqlar ko‘plab olimlar, muhandislar, texniklar, ya’ni aloqa sohasi bilan bog‘liq bo‘lgan soha vakillarining ko‘p yillik mehnati natijasidir. Har yili 7-may kuni mamlakatimizda aloqa sohasi xodimlarining kasb bayrami sifatida nishonlanib kelinadi. Bu kun televideniye, radioeshittirish, pochta aloqasi xodimlari, aloqachilar, radiohavaskorlar, ya’ni axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasida faoliyat yuritib kelayotgan barcha xodimlarning va mehnat faxriylarining kasb bayramidir. Shuningdek, radioto‘lqinlar yordamida mamlakatimizda va dunyoda ro‘y berayotgan muhim voqealar haqida bizga tezkor xabarlarni yetkazib berilishini ta’minlashda ishtirok etayotgan barcha aloqachilarning ham kasb bayramidir.

Bugungi kunda “EMMM” DUK sohaning boshqa korxona va tashkilotlari bilan bir qatorda mamlakatimizda axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda. Radioelektron vositalarning elektromagnit moslashuvini ta’minlash, radiochastota spektri monitoringini amalga oshirish, radiochastota spektridan oqilona va samarali foydalanishni nazorat qilish korxonamiz faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘lib, zamonaviy va yangi telekommunikatsiya tizimlarini yanada rivojlantirish uchun mustahkam zamin bo‘lib xizmat qilmoqda.

Joriy yilning 6-may kuni aloqa sohasi xodimlarining kasb bayrami arafasida O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun soha xodimlarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Quvonarlisi shuki, taqdirlanganlar orasida “EMMM” DUK vakillari ham borligidir:

- Jizzax viloyati EMMX boshlig‘i - Usmanov Dilshod Yusufovich, O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining "Faxriy yorlig‘i" bilan taqdirlandi;

- Navoiy viloyati EMMX 2-toifali muhandisi - Segelnyuk Yekaterina Nikolaevna, “O‘z kasbining ustasi” belgisi bilan taqdirlandi.

 

Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasining barcha xodimlarini va mehnat faxriylarini kasb bayrami bilan tabriklaymiz. Barchangizga sihat-salomatlik, uzoq umr, oilaviy farovonlik, kuch va g‘ayrat, barcha ishlaringizda muvaffaqiyatlar va ulkan yutuqlar tilaymiz!

 

 

Hurmat bilan, “EMMM” DUK jamoasi

Faylni tanlang