Bugun, 3-iyul kuni, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida bakalavriat bosqichi bitiruvchilarini tantanali kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, soha korxonalari va tashkilotlari rahbarlari, universitetning faxriy professor-o‘qituvchilari, bitiruvchilar hamda ularning ota-onalari ishtirok etdilar.
Marosim davomida so‘zga chiqqan mehmonlar universitetni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni samimiy tabriklab, bugungi kun ularning hayotidagi eng muhim bosqichlardan biri ekanini ta’kidladilar. Zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega yosh mutaxassislar mamlakatning raqamli transformatsiyasi, AT sohasi rivojiga munosib hissa qo‘shishiga ishonch bildirildi.
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov bitiruvchilarga kelgusidagi kasbiy faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar, doimiy izlanish va yuksak marralarni tilab, o‘z bilim va salohiyatini yurt taraqqiyoti yo‘lida samarali safarbar etishga chaqirdi.
Shuningdek, marosim davomida bitiruvchilarga esdalik yorliqlari tantanali ravishda topshirildi. Ular universitetdagi tahsil yillari davomida orttirgan bilim va tajribalari kelgusidagi faoliyatlari uchun mustahkam poydevor bo‘lishi qayd etildi.