2026-yil 18–19-may kunlari Buxoro shahrida Oʻzbekiston Respublikasi va Turkmanistonning yerusti radioxizmatlari stansiyalariga chastota biriktirishni muvofiqlashtirish masalalari boʻyicha ekspert guruhining yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Uchrashuv chegaraoldi hududlarda radiochastota spektridan foydalanishni tartibga solish sohasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida tashkil etildi.
Yigʻilishda Raqamli texnologiyalar vazirligi, EMMM, UNICON.UZ, Turkmaniston Aloqa vazirligi hamda ikki mamlakatning radiochastotalarni tartibga solish boʻyicha mutaxassislari va tegishli tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvni ochib bergan Oʻzbekiston Respublikasi Radiochastotalar boʻyicha respublika kengashi kotibi zamonaviy radiotexnologiyalar va mobil aloqa jadal rivojlanayotgan sharoitda radiochastotalarni muvofiqlashtirish muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi. Turkmaniston tomoni vakillari esa ikki davlat oʻrtasidagi doʻstona va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari yuqori darajada ekanligini qayd etib, hamkorlikni yanada mustahkamlashga qiziqish bildirdi.
Yigʻilish davomida tomonlar 2000-yildan buyon amal qilib kelayotgan radiochastotalarni muvofiqlashtirish boʻyicha hukumatlararo Bitimni qayta koʻrib chiqish masalalarini muhokama qildi. Muhokamalar yakunida ekspert guruhi tomonidan aloqa texnologiyalarining zamonaviy rivojlanishi va xalqaro talablarni hisobga olgan holda hujjatning yangilangan loyihasi boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.
Shuningdek, Butunjahon radioaloqa konferensiyasi — BRK-27 kun tartibiga tayyorgarlik, mobil aloqa tarmoqlarini rivojlantirish uchun 700 MHz diapazonini boʻshatish hamda 5G tarmoqlarini joriy etish va rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston mutaxassislari radiochastota spektridan foydalanish sohasida radiomonitoring va oʻlchov ishlarini tashkil etish tajribasi, jumladan radioxalaqit manbalarini aniqlash va mobil aloqa signallari sifatini monitoring qilish usullari bilan oʻrtoqlashdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar chegaraoldi hududlarda radiochastota spektridan samarali va oqilona foydalanishni taʼminlash maqsadida oʻzaro hamkorlikni davom ettirish, tajriba almashish va hamkorlikdagi ishlarni yanada faollashtirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.
RBMX etakchi muhandisi Sh. Turgunov
Buxoro viloyati EMMX 1-toifali muhandisi R. Odilov

