"EMMM" DUK yangiliklari

Davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida davra suhbati o‘tkazildi

Joriy yilning 7-avgust kuni Samarqand viloyati Elektromagnit moslashuv xizmatida davlat idora va tashkilotlarining xodimlariga lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi, imlo qoidalari va davlat tilida ish yuritishni o‘rganish mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Davra suhbatiga mutaxassis sifatida Samarqand Davlat Universiteti Filologiya fakulteti O‘zbek tilshunoslik kafedrasi o‘qituvchisi U.Turdimurodov taklif etildi.

Davra suhbatida xodimlarga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-fevraldagi “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 61-son qarorining mazmun-mohiyati va ahamiyati keng tushuntirildi.

Suhbat davomida davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari, davlat tilida ish yuritilishi bo‘yicha tegishli taklif va tavsiyalar, shuningdek, Samarqand viloyati Elektromagnit moslashuv xizmatining barcha turdagi farmoyish, xatlari va boshqa hujjatlarini tayyorlash jarayonida davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil qilish vazifalari alohida tushuntirildi. Me’yoriy hujjatlarni tayyorlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan qo‘llanmalardan foydalanishga doir ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.

Amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan mazkur davra suhbatida davlat tilida ish yuritilishi qoidalari bo‘yicha xodimlar tomonidan berilgan savollarga batafsil javoblar berildi.

 

Tayyorladi: Samarqand viloyati EMMX 1-toifali muhandisi J.Kodirov

Faylni tanlang