2026-yil 8-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Elektromagnit moslashuv markaziga Koreya Respublikasining Markaziy radio boshqaruv xizmati (Central Radio Management Service — CRMS) rasmiy delegatsiyasi tashrif buyurdi.

Uchrashuv davomida tomonlar radiochastota spektrini boshqarish, radiomonitoring, tajriba almashish hamda mutaxassislar malakasini oshirish sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar. Shuningdek, sun’iy yo‘ldosh radiomonitoringini rivojlantirish, radiochastota spektridan foydalanishni nazorat qilish usullarini takomillashtirish hamda xalqaro konferensiyalar va ixtisoslashtirilgan tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.


Muzokaralar yakunida Elektromagnit moslashuv markazi hamda Koreya Respublikasi Markaziy radio boshqaruv xizmati o‘rtasida o‘zaro Anglashuv memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat ilg‘or tajribalarni almashish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, mutaxassislar malakasini oshirish hamda radiomonitoring va radiochastota spektridan samarali foydalanish sohalarida hamkorlikni yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilab beradi.

Mazkur memorandumning imzolanishi O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib, radiochastota spektrini boshqarish sohasida tajriba almashish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.






Tayyorladi: Radionazorat va texnik rivojlanish xizmati 1-toifali muhandisi T.Valiyev