Halollik — qonun ustuvorligining asosi
Hozirgi davrda korrupsiya har qanday davlatning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy barqarorligiga tahdid solayotgan asosiy omillardan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Bu illat davlat tizimlarida adolatni izdan chiqaradi, fuqarolar ishonchini yemiradi hamda qonun ustuvorligiga putur yetkazadi. Shu sababli, korrupsiyaga qarshi kurashish nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar, balki har bir mas’ul xodimning vijdoniy vazifasiga aylanishi lozim.
Ana shu maqsadda, 2025-yil 24-iyul kuni Andijon viloyati Elektromagnit moslashuv xizmatida "Korrupsiya — jinoiy javobgarligiga sabab bo‘ladigan ijtimoiy illat" mavzusida ma’naviy-ma’rifiy davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda so‘z olgan xizmat vakillari korrupsiya nafaqat axloqiy buzuqlik, balki qonunlarda qat’iy taqiqlangan jinoiy qilmish ekanligini ta’kidlab o‘tishdi. Xususan, Jinoyat kodeksida poraxo‘rlik, mansab vakolatlaridan suiiste’mol qilish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yish kabi holatlar uchun jiddiy javobgarlik belgilanganligi haqida fikrlar bildirildi.
Suhbat davomida ishtirokchilar quyidagi masalalarga e’tibor qaratdilar:
· Korrupsiyaning ijtimoiy-psixologik ildizlari va uning salbiy oqibatlari;
· Davlat xizmatida shaffoflik va hisobdorlikning ahamiyati;
· Kasbiy faoliyatda halollik va mas’uliyat prinsiplarini mustahkamlash;
· Yosh xodimlarni korrupsiyaga qarshi immunitet bilan tarbiyalash zarurati.
Davra suhbati ochiq va samimiy ruhda o‘tdi. Xodimlar o‘zaro fikr almashdilar, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishda huquqiy madaniyat va shaxsiy pozitsiya muhim rol o‘ynashini ta’kidladilar.
Tadbir yakunida barcha ishtirokchilar adolatli, halol va pok jamiyat barpo etishda har bir fuqaroning faol ishtiroki muhimligini ta’kidlab, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida shaxsiy javobgarlikni his etishlari zarurligini qayd etdilar.
Tayyorladi: Andijon viloyati EMMX muhandisi Atadjanov Q.X.