"EMMM" DUK yangiliklari

Navoiy viloyati EMMXda aholini ro‘yxatdan o‘tkazishda axborot kommunikatsiya texnologiyalarining roli va ahamiyati to‘g‘risida tushuntirish ishlari olib borildi

Oʻzbekiston Respublikasida aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish tadbiri Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-sentyabrdagi PF-173-sonli Farmoni va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-oktyabrdagi 629-sonli qaroriga muvofiq amalga oshiriladi. Ro‘yxatga olish 2026-yil 15-yanvardan 28-fevralga qadar o‘tkazilishi belgilangan. 

Ushbu tadbir mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash uchun muhim ahamiyatga ega. Asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat: 

- aholining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatlari, yashash darajasi va bandlik holati toʻgʻrisida ishonchli ma’lumotlarni olish;

- qishloq xoʻjaligi sohasidagi mavjud resurslar, yer maydonlari, ekin turlari, chorva mollari soni va boshqa koʻrsatkichlar boʻyicha aniq ma’lumotlar bazasini shakllantirish;

- kelgusidagi davlat siyosatini, ijtimoiy dasturlarni va investitsiya loyihalarini ilmiy asoslangan holda ishlab chiqishga zamin yaratish;

- xalqaro tashkilotlarga (Jahon banki, BMT Aholishunoslik jamg‘armasi – YUNFPA va boshqalar) xalqaro standartlarga mos ma’lumotlarni taqdim etish. 

Ro‘yxatga olish jarayoni 45 kun davom etadi va ikki bosqichda amalga oshiriladi.

Dastlabki 17 kun (15-31-yanvar kunlari) davomida aholi va qishloq xoʻjaligi obyektlari internet orqali ro‘yxatga olinadi, yani respondentlar census.stat.uz portali orqali ixtiyoriy ravishda onlayn roʻyxatdan oʻtishlari mumkin. Bu usul fuqarolarga oʻzlariga qulay vaqtda va joyda, roʻyxatga oluvchini kutmasdan maʼlumotlarni taqdim etish imkonini beradi. 

photo2026-01-0715-53-40.jpg

Onlayn roʻyxatdan oʻtmagan shaxslar va xoʻjaliklar 4-fevraldan 28-fevralga qadar ro‘yxatga oluvchilar “mahalla yettiligi” ishtirokida uyma-uy soʻrov bosqichida roʻyxatga olinadi.

Roʻyxatga olish varaqlariga kiritilgan shaxsga doir maʼlumotlar qatʼiy maxfiy hisoblanadi va respondentning roziligisiz oshkor qilinmaydi. Toʻplangan maʼlumotlar shaxsiy identifikatsiyadan xoli qilinadi (anonimlashtiriladi) va faqat umumlashtirilgan statistik koʻrsatkichlarni shakllantirish uchun foydalaniladi. 

Aholi ushbu jarayonda faol ishtirok etishi o‘ta muhimdir. 

Shu munosabat bilan joriy yilning 6-yanvar kuni Navoiy viloyati EMMXda ham “Aholini ro‘yxatdan o‘tkazishda axborot kommunikatsiya texnologiyalarining roli va ahamiyati. Bunday ommaviy tadbirga tayyorgarlik jarayonlari” mavzusida xizmat muhandisi A.Narziyev tomonidan o‘quv seminari tashkil etildi. 

Seminarda xizmat xodimlariga o‘zi va oila a’zolarini census.stat.uz portali orqali ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi, tizimga kirish OneID yoki JShShIR (PINFL) orqali amalga oshirilishi, bu esa maʼlumotlarning aniqligi va himoyasini taʼminlanganligi to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar berildi.

Maʼlumotlarni yigʻishda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish maqsadida xalqaro tashkilotlar (masalan, IOM) tomonidan 2025-yil dekabr oyida Milliy statistika qo‘mitasiga qoʻshimcha planshetlar topshirilganligi;

    • shuningdek, aholi onlayn roʻyxatdan oʻtishi uchun census.stat.uz portali ishga tushirilganligi;

    • tadbirga “mahalla yettiligi” tizimi xodimlari va roʻyxatga oluvchilar jalb etilganligi, ular maxsus dasturlar asosida oʻqitilayotganligi va 2025-yil 15-dekabrdan boshlab ularni ushbu jarayonga jalb qilish ishlari boshlanganligi;

    • aholi oʻrtasida tadbirning ahamiyatini tushuntirish boʻyicha OAV va ijtimoiy tarmoqlarda keng koʻlamli targʻibot ishlari olib borilayotganligi to‘g‘risida ma’lumot berildi. 

photo2026-01-0715-53-46.jpg

Xodimlarga onlayn roʻyxatdan oʻtishda texnik savollar tugʻilsa, Milliy statistika qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan maxsus yoʻriqnomalar va 1851 qisqa raqami orqali yordam olish mumkinligi haqida tushuntirish berildi.

Ushbu tadbirlar 2026-yil 15-yanvar kuni soat 00:00 dagi holat boʻyicha mamlakatning demografik va agrar salohiyatini aniq aks ettiruvchi maʼlumotlar bazasini yaratishga xizmat qilishi ta’kidlandi. 

Seminar davomida ishtirokchilar aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob olishdi.

 

Tayyorladi: Navoiy viloyati EMMX 2-toifali tarmoq muhandisi A.Narziyev

Faylni tanlang