Joriy yilning 2-dekabr kuni Xorazm viloyati Elektromagnit moslashuv xizmati xodimlari ishtirokida “Davlat tili” mavzusida o‘quv soati bo‘lib o‘tdi. Mavzu yuzasidan Urganch davlat universiteti o‘zbek tilshunosligi kafedrasi dotsenti, Filologiya fanlar nomzodi Rajabov O‘tkir Xudayarovich tomonidan ma’ruza qilindi. Til - millatning eng muhim belgisi aloqa vositasi sifatida balki xalqning tarixini, madaniyatini, dunyoqarashini, ruhiyatini va tafakkurini aks ettiruvchi ijtimoiy hodisadir. Shu jihatdan, o‘zbek tili xalqimizning asrlar davomida shakllangan boy ma’naviy merosini, milliy o‘zligini va mustaqil davlatchilik tafakkurini ifodalovchi muhim omil sifatida hisoblanishi haqida so‘z yuritildi.



Davlat tili - bu mamlakatda barcha rasmiy hujjatlar, davlat boshqaruvi, ta’lim, sud, ommaviy axborot vositalari va diplomatik muloqot olib boriladigan asosiy til hisoblanadi. U millatning birligiga xizmat qiladi va davlat suverenitetining asosiy belgilaridan biridir.
Har yili 21-oktabr kuni mamlakatimizda o‘zbek tili bayrami nishonlanadi. 1989-yilning
21-oktabrida “O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinishi milliy o‘zligimizni tiklash yo‘lida tarixiy burilish yasagan hodisa bo‘ldi. Bu kun xalqimizning milliy iftixori, ma’naviy uyg‘onishi va mustaqil tafakkurining ramziga aylandi.Shu bois o‘zbek tili bayrami nafaqat til bayrami, balki milliy g‘urur, vatanparvarlik, tarixiy xotira va istiqlol tafakkurining bayramidir.
Bugungi globallashuv davrida milliy tillarning saqlanishi va rivojlanishi dolzarb masalaga aylandi. Dunyo tillari orasida o‘z o‘rnini yo‘qotmay, aksincha, zamon talablari asosida rivojlanayotgan o‘zbek tili - xalqimizning madaniy qudratini ifodalaydi.
Axborot texnologiyalari, internet, sun’iy intellekt sohalarida o‘zbek tilining dasturiy ta’minotini yaratish, elektron lug‘atlar, tarjima tizimlari va til korpuslarini kengaytirish - tilning zamonaviy rivojlanish bosqichini belgilab bermoqda.
Tilning davlat maqomiga ega bo‘lishi har bir millat hayotida beqiyos tarixiy ahamiyatga ega, chunki davlat tili - bu millat suverenitetining, o‘zligini anglashining, siyosiy mustaqilligining ifodasidir.
Tayyorladi:Xorazm viloyati EMMX muhandisi U.Xamrayev