EMMM yangiliklari

O‘quv soati

Joriy  yilning 26-dekabr kuni “Elektromagnit moslashuv markazi” davlat unitar korxonasi markaziy apparati bo‘lim va xizmatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar Elektromagnit moslashuv xizmatlari xodimlari uchun “ZOOM” ilovasi orqali o‘quv soati o‘tkazildi.

O‘quv soatida, Qashqaryo viloyati EMMX 2-toifali muhandisi Sh.Jalilov tomonidan O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 2-sentabrdagi “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘RQ-562-son Qonuni mazmun-mohiyati tushuntirildi.

Ushbu Qonunning maqsadi xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

gender siyosati amalga oshirilishini ta’minlashga doir vaqtinchalik maxsus choralar — jinslarning notengligini bartaraf etish, xotin-qizlar va erkaklarning haqiqiy yoki asos bo‘ladigan tengligini ta’minlash bo‘yicha aniq maqsadlarga erishish uchun davlat organlari tomonidan ko‘riladigan huquqiy, tashkiliy hamda institutsiyaviy xususiyatga ega chora-tadbirlar;

gender — xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasidagi munosabatlarning jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida, shu jumladan siyosat, iqtisodiyot, huquq, mafkura va madaniyat, ta’lim hamda ilm-fan sohalarida namoyon bo‘ladigan ijtimoiy jihati;

gender statistikasi — davlat statistikasining jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida xotin-qizlar va erkaklarning holati to‘g‘risida har bir jins bo‘yicha alohida ko‘rsatilgan ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan, har xil jinsdagi shaxslarning ijtimoiy-siyosiy hayotning barcha sohalaridagi tegishli holatini aks ettiradigan, gender muammolarini va jamiyatdagi munosabatlarni yoritadigan qismi;

gender-huquqiy ekspertiza — normativ-huquqiy hujjatlarni hamda ularning loyihalarini xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini ta’minlash prinsiplariga muvofiqligi yuzasidan tahlil qilish;

genderga oid audit — davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida, shu jumladan kadrlar siyosatini olib borishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi holatini, shuningdek genderga doir kompleks yondashuvni o‘rganish va baholash;

jins bo‘yicha bevosita kamsitish — jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida xotin-qizlar va erkaklarning huquqlari hamda erkinliklarini tan olmaslikka qaratilgan har qanday tarzda farqlash, istisno etish yoki cheklash, shu jumladan oilaviy holati, homiladorligi, oilaviy majburiyatlari tufayli kamsitish, shuningdek shahvoniy shilqimlik qilish, teng mehnat va malaka uchun har xil haq to‘lash;

jins bo‘yicha bilvosita kamsitish — bir jinsdagi shaxslarni boshqa jinsdagi shaxslarga nisbatan noqulayroq holatga tushirib qo‘yadigan vaziyatlarni, holatlarni yoki mezonlarni yaratish, shu jumladan gender tengsizlikni ommaviy axborot vositalari, ta’lim, madaniyat orqali targ‘ib etish, muayyan jinsdagi shaxslar uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan shart-sharoitlar yoxud talablar belgilash;

genderga doir kompleks yondashuv — davlat organlari va tashkilotlari tomonidan o‘z faoliyatini, shu jumladan kadrlar siyosatini olib borishni xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq tashkil etish.

Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini ta’minlashning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:

qonuniylik;

demokratizm;

xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi;

jins bo‘yicha kamsitishga yo‘l qo‘yilmasligi;

ochiqlik va shaffoflik.

Jins bo‘yicha kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik

Xotin-qizlar va erkaklar davlat tomonidan kafolatlangan teng huquq hamda imkoniyatlarga ega bo‘ladi.

Quyidagilar jins bo‘yicha kamsitish hisoblanmaydi:

bola tug‘ish va ona suti bilan oziqlantirish vazifalari bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishda farqlarni belgilash;

qonunda belgilangan tartibda muddatli harbiy xizmatga chaqirish;

ushbu Qonun asosida gender siyosati amalga oshirilishini ta’minlashga doir vaqtinchalik maxsus choralar ko‘rish;

xotin-qizlar va erkaklar mehnatini muhofaza qilishda ularning reproduktiv salomatligini saqlash xususiyatlari;

majburiyatlar faqat muayyan jinsdagi shaxslar tomonidan bajarilishi mumkinligiga asoslangan holda kasbiy malakaga doir tavsiyalar berish;

qamoqda saqlash, jazoni ijro etish joylarida saqlash tartibi va shartlarini hamda huquqiy jihatdan ta’sir ko‘rsatishning boshqa choralarini tartibga solishda farqlarni belgilash;

xotin-qizlarning jamiyatdagi ijtimoiy mavqeyini mustahkamlashga, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilgan ijobiy choralar.

Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi davlat boshqaruvi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi, shuningdek davlat organlari tomonidan o‘z vakolatlari doirasida amalga oshiriladi.

Faylni tanlang