"EMMM" DUK yangiliklari

O‘quv soati

Joriy yilning 23-may kuni “Elektromagnit moslashuv markazi” davlat unitar korxonasi markaziy apparati bo‘lim va xizmatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar Elektromagnit moslashuv xizmatlari xodimlari uchun “ZOOM” ilovasi orqali o‘quv soati o‘tkazildi.

O‘quv soatida, Jizzax viloyati Elektromagnit moslashuv xizmati 1-toifali muhandisi B.Raximov tomonidan O‘zbekiston Respublikasining 1993-yil 7-maydagi “Davlat sirlarini saqlash to‘g‘risida”gi  848-XII-son Qonuni mazmun-mohiyati batafsil tushuntirildi.

Ushbu Qonun davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, mulk shaklidan qat’i nazar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va birlashmalar, O‘zbekiston Respublikasining harbiy tuzilmalari va fuqarolarining respublika hududidagi hamda uning tashqarisidagi faoliyatining barcha turlarida davlat sirlarini saqlashning huquqiy asoslarini belgilab beradi.

Davlat tomonidan qo‘riqlanadigan va maxsus ro‘yxatlar bilan chegaralab qo‘yiladigan alohida ahamiyatli, mutlaqo maxfiy va maxfiy harbiy, siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va o‘zga xil ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasining davlat sirlari hisoblanadi.

Davlat sirlarini saqlashning huquqiy asosi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, ushbu Qonun va unga muvofiq ravishda chiqariladigan O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlaridan iborat.

O‘zbekiston Respublikasining davlat sirlari – davlat, harbiy va xizmat sirlarini qamrab oladi.

Oshkor etilishi respublika harbiy-iqtisodiy imkoniyatlarining sifat holatiga salbiy ta’sir etishi yoki O‘zbekiston Respublikasining mudofaa qobiliyati, davlat xavfsizligi, iqtisodiy va siyosiy manfaatlari uchun boshqa og‘ir oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar davlat sirini tashkil etadi.

Oshkor etilishi O‘zbekiston Respublikasining mudofaa qobiliyati, davlat xavfsizligi va Qurolli Kuchlari uchun og‘ir oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan harbiy xususiyatga ega ma’lumotlar harbiy sirni tashkil etadi.

Oshkor etilishi O‘zbekiston Respublikasi manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan fan, texnika, ishlab chiqarish va boshqaruv sohasiga doir ma’lumotlar xizmat sirini tashkil etadi.

Faylni tanlang