EMMM yangiliklari

O‘zbekiston Respublikasida korrupsionerning kriminalistik portreti

Joriy yilning 18-iyun kuni Elektromagnit moslashuv markazida navbatdagi huquqiy o‘quv soati tashkil etildi. Unda markaziy apparat bo‘lim va xizmatlari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar Elektromagnit moslashuv xizmatlari xodimlari faol ishtirok etdilar.

photo2026-06-1918-03-27.jpg

Unda, Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘limi monopoliyaga qarshi kurashish komplayensi bo‘yicha yetakchi mutaxassis V.L. Guseinov tomonidan “O‘zbekiston Respublikasida korrupsionerning kriminalistik portreti” mavzusida o‘quv soati olib borildi.

photo2026-06-1918-03-31.jpg

O‘quv soati davomida korrupsiyaning davlat va jamiyat rivojiga salbiy ta’siri, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda ushbu yo‘nalishda yaratilgan huquqiy va institutsional mexanizmlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Ta’kidlanganidek, Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, korrupsiya tufayli dunyo miqyosida har yili 2,6 trillion AQSH dollaridan ortiq iqtisodiy yo‘qotishlar kuzatiladi. Shu bois O‘zbekistonda ham korrupsiyaga qarshi kurashish, davlat boshqaruvida shaffoflikni ta’minlash va ochiqlik tamoyillarini keng joriy etish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

photo2026-06-1918-03-35.jpg

Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy strategiyasi doirasida qonunchilik, institutsional va raqamli sohalarda chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Korrupsiyaga qarshi komplayens, etika, davlat boshqaruvidagi shaffoflik va mansabdor shaxslarning moliyaviy hisobotiga oid 80 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Oshkoralik va ochiqlikni rivojlantirishga ko‘maklashuvchi preventiv mexanizmlar amaliyotga keng joriy etilmoqda. Hukumat mas’uliyatini oshirish, byurokratiyani qisqartirish va davlat xizmatlarini soddalashtirishga qaratilgan loyihalar amalga oshirilmoqda.

Raqamlashtirish sezilarli natijalar berdi. Hozirgi vaqtda O‘zbekistonda, jumladan, my.gov.uz Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali 700 dan ortiq elektron davlat xizmati ko‘rsatilmoqda. Ruxsat berish va litsenziyalash sohasida 160 dan ziyod xizmat turi onlayn shaklga o‘tkazildi. Bu fuqarolar va amaldorlar o‘rtasidagi bevosita muloqotni kamaytirib, ma’muriy tartib-taomillardagi korrupsiyaviy omillarni pasaytirish imkonini beradi.

photo2026-06-1918-03-40.jpg

“Shaffof qurilish” tashabbusi doirasida raqamli tender nazorati tufayli 14 trillion so‘m mablag‘ning maqsadsiz sarflanishining oldi olindi. Sun’iy intellekt unsurlaridan foydalanadigan maxsus algoritmlar shartnomalar narxidagi og‘ishlarni avtomatik ravishda kuzatish, affillangan tuzilmalarni aniqlash va loyihalar qiymatining sun’iy ravishda oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik imkonini bermoqda.

Shuni ta’kidlash joizki, korrupsiya davlatning barqaror rivojlanishiga jiddiy xavf tug‘diruvchi tizimli omillardan biri bo‘lib qolmoqda. U amalga oshirilayotgan iqtisodiy va siyosiy islohotlar samaradorligini pasaytiradi, mamlakatning sarmoyaviy jozibadorligini cheklaydi hamda jamiyatning davlat hokimiyati organlariga bo‘lgan ishonchini susaytiradi. Muhtaram Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev aytganidek: “Korrupsiyaga qarshi kurashish - bu umummilliy vazifa, har bir vatanparvar yurtdoshimizning vijdon ishidir”.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 2025 yildagi korrupsiyaviy jinoyatlar tahlili bo‘yicha korrupsionerning kriminologik portretini taqdim etdi. Tahlillarga ko‘ra, O‘zbekistondagi o‘rtacha tipik korrupsioner – avval sudlanmagan, 31-49 yosh oralig‘idagi, oliy ma’lumotli, oilali erkak bo‘lib, u rasmiy daromad manbaiga ega va ko‘p hollarda rahbarlik lavozimlarida ishlaydi.

photo2026-06-1918-03-44.jpg

Agentlikka ko‘ra, 2021 yildan 2025 yilgacha bo‘lgan davrda har yili o‘rtacha 7 ming kishi korrupsiyaviy jinoyatlar uchun javobgarlikka tortilgan.

Tahlillarga ko‘ra, korrupsiya jinoyatlari ichida eng ko‘p uchraydigan tur – o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilishdir. Bu turdagi jinoyatlar umumiy korrupsiya holatlarining 

33 foizidan ortig‘ini tashkil etmoqda. Ya’ni har yili o‘rtacha 2,5 mingdan ortiq holat davlat yoki tashkilot mablag‘larini “ichkaridan” o‘zlashtirish bilan bog‘liq.     

Undan keyin mansab vakolatidan foydalangan holda firibgarlik va mansab soxtakorligi keladi. Pora berish jinoyatlari esa umumiy holatlarning 13 foizini tashkil etadi. E’tiborlisi, jamoatchilik eng ko‘p muhokama qiladigan pora olish jinoyati statistikada nisbatan past ulushga ega: har yili o‘rtacha 200 nafar atrofida shaxs pora olish uchun javobgarlikka tortilmoqda.

Korrupsiya jinoyatlarining asosiy qismi 31-49 yosh oralig‘idagi shaxslar hissasiga to‘g‘ri keladi. 2025 yildagi holatlarga ko‘ra, korrupsiya jinoyatlarining 67 foizi aynan shu qatlam tomonidan sodir etilgan. Bu – insonning kasbiy faoliyati eng kuchaygan, qaror qabul qilish imkoniyati oshgan va ta’sir doirasi kengaygan davr hisoblanadi.

photo2026-06-1918-03-48.jpg

Ayniqsa, pora olish jinoyatlarining 76 foizi, talon-toroj holatlarining 66 foizi hamda mansab bilan bog‘liq firibgarliklarning 67 foizi aynan shu yoshdagilar hissasiga to‘g‘ri kelgan.

18-30 yoshdagilar umumiy korrupsiya jinoyatlarida 14 foizni tashkil etgan bo‘lsa-da, pora berish holatlarida yoshlar ulushi 23 foizga chiqadi. Bu esa korrupsiya faqat “oluvchi” orqali emas, balki tizimga tezroq kirishga urinayotgan “beruvchi” muhit orqali ham yashab qolayotganini ko‘rsatadi.

Tahlildagi eng muhim signallardan biri – ma’lumot darajasi bilan bog‘liq. O‘zbekistonda jinoyat sodir etgan shaxslar ichida oliy ma’lumotlilar ulushi o‘rtacha 20 foiz atrofida bo‘lsa, korrupsiya jinoyatlarida bu ko‘rsatkich 70 foizdan oshadi. Ya’ni, korrupsiya ko‘p hollarda bilimsizlik emas, aksincha, tizimni yaxshi tushunadigan, huquqiy va moliyaviy mexanizmlarni anglaydigan shaxslar tomonidan sodir etilmoqda.     

Korrupsionerlarning 70 foizi oliy ma’lumotli, 

19,6 foizi o‘rta maxsus va 10,4 foizi o‘rta ma’lumotli shaxslar hisoblanadi. 

Bu raqamlar korrupsiyani “qashshoqlik jinoyati” sifatida emas, imkoniyat va vakolat jinoyati sifatida ko‘rish kerakligini anglatadi.

Tahlil yana bir qiziq holatni ochib bergan: korrupsiya jinoyatlarining 

95 foizi oilali shaxslar tomonidan sodir etilgan. Bu esa korrupsiya aksariyat hollarda ijtimoiy hayotdan uzilgan emas, balki jamiyatga to‘liq integratsiyalashgan insonlar tomonidan sodir etilayotganini ko‘rsatadi.

     2025 yilda aniqlangan korrupsiya jinoyatlarining 85 foizi erkaklar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Ayollar ishtirokidagi holatlar nisbatan kam bo‘lsa-da, ular asosan ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasida jamlangan. Korrupsiya jinoyati sodir etgan ayollarning 46 foizi ta’lim, 21 foizi sog‘liqni saqlash tizimida ishlagan. Erkaklar esa asosan ijro organlari, tadbirkorlik va xo‘jalik boshqaruvi tizimlarida faoliyat yuritgan.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida rahbar kadrlarning mas’uliyatini kuchaytirishga yo‘naltirilgan yangi mexanizmlar joriy etilmoqda. Prezidentning 2024 yil 21 iyundagi 228-sonli qarori bilan “Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi” platformasi ishga tushirildi. Endi davlat xizmatchilari har uch yilda kamida bir marta korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha malaka oshirishi shart hisoblanadi. 2025 yil va 2026 yil birinchi choragida qariyb 69 ming nafar davlat xizmatchisi malaka oshirishga jalb qilingan.

     Shuningdek, hukumat a’zoligi va hokimlikka nomzodlar endi o‘z dasturi bilan birga korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha shaxsiy rejasini ham taqdim etishi kerak bo‘ladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish Agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, “Chunki bu portretdagi korrupsioner – ishsiz yoki jamiyatdan chetga chiqib qolgan inson emas. U tizim ichidagi, ma’lumotli, vakolatli va rasmiy maqomga ega shaxs. Korrupsiyaga qarshi kurash faqat jazoni kuchaytirish bilan emas, balki vakolat, nazorat va institutsional shaffoflikni qayta ko‘rib chiqish bilan davom etmasa, “tipik korrupsioner”ning portreti uzoq vaqt o‘zgarmasligi mumkin”.

     Ta’kidlash joizki, biz ko‘rib chiqqan kriminologik portret shunchaki statistik hisobot bo‘lib qolmay, korrupsionerning o‘ziga xos belgilarini o‘zida mujassam etgan hamda korrupsiya haqidagi an’anaviy tasavvurlarni o‘zgartiradigan hujjatdir.

photo2026-06-1918-03-53.jpg

Tadbir davomida korrupsiyaga qarshi kurashishda har bir xodimning shaxsiy mas’uliyati, halollik va qonuniylik tamoyillariga qat’iy amal qilishi, xizmat faoliyatida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik hamda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish zarurligi ta’kidlandi.

 

O‘quv soati yakunida xodimlarga mavzuga oid videoroliklar taqdim etildi.

Faylni tanlang