"EMMM" DUK yangiliklari

““Radiochastota spektri to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi 2023-yil 2-avgustdagi O‘RQ-858-son Qonuni haqida

So‘nggi yillarda borish qiyin bo‘lgan va olis hududlarda mobil aloqa hamda mobil Internet qamrovini kengaytirish, ko‘rsatilayotgan aloqa xizmatlarining sifatini oshirish yuzasidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda, aholi maskanlarini optik tolali aloqa liniyalari bilan qamrab olish 81 foizga, mobil Internet qamrovi esa 98 foizga yetkazilganligi e’tiborga molik.

Shu bilan birga, hududlarda sifatli aloqa xizmatlari hajmini oshirish, mobil aloqa operatorlarga yanada yengilliklar yaratish maqsadida qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, “Radiochastota spektri to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga bir qator oʻzgartishlar kiritildi.

Qonunni qabul qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – radiochastota spektridan yanada samarali foydalanishni ta’minlash, telekommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish hamda aholini yanada sifatli telekommunikatsiya xizmatlari bilan ta’minlashdir. 

Qonun bilan xalqaro ilg‘or tajribalarni inobatga olgan holda, radiochastota spektridan birgalikda foydalanish tartibi joriy qilindi. Bunda radiochastota polosalaridan birdan ortiq radiochastota spektridan foydalanuvchilarga birgalikda ishlatishga ruxsat berilib, jarayon ular o‘rtasida radiochastota organining tegishli ruxsatnomasi asosida shartnoma tuzish orqali amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi.

Shuningdek, Qonunga axborot xavfsizligini ta’minlash masalalari tartibga solinishi, ma’muriy islohotlar natijasida qayta tashkil etilgan davlat boshqaruvi organlarining nomlari aniqlashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish va mazmun-mohiyatini korxona xodimlariga tushuntirish bo‘yicha tashkil etilib kelinayotgan o‘quv seminarlarida tushuntirishlar berilmoqda, kelgusida keng jamoatchilikka tushintirish, ijrochilar va aholini huquqiy xabardor etish sifatini yaxshilash maqsadida qator ommaviy axborot vositalariga press-tadbirlar (matbuot anjumani, brifing, konferensiya, press-turlar va boshqalar) tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Faylni tanlang