Joriy yilning 25-yanvar kuni “Elektromagnit moslashuv markazi” davlat unitar korxonasi markaziy apparati bo‘lim va xizmatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar Elektromagnit moslashuv xizmatlari xodimlari uchun “ZOOM” ilovasi orqali o‘quv soati o‘tkazildi.
O‘quv soatida, Ish yurutishni boshqarish va ishlab chiqarish jarayonlari sifatini nazorat qilish xizmati 2-toifali muhandisi D.Shermatova tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi 2017-yil 11-sentabrdagi O‘RQ-445-son Qonuni mazmun-mohiyati tushuntirildi.
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
ariza — huquqlarni, erkinliklarni va qonuniy manfaatlarni amalga oshirishda yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi iltimos bayon etilgan murojaat;
taklif — davlat va jamiyat faoliyatini takomillashtirishga doir tavsiyalarni o‘z ichiga olgan murojaat;
shikoyat — buzilgan huquqlarni, erkinliklarni tiklash va qonuniy manfaatlarni himoya qilish to‘g‘risidagi talab bayon etilgan murojaat;
elektron murojaat — belgilangan tartibda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositasida berilgan, shu jumladan davlat organining, tashkilotning rasmiy veb-saytiga joylashtirilgan murojaat, real vaqt rejimida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda berilgan og‘zaki murojaatlar bundan mustasno;
takroriy murojaat — ayni bir jismoniy yoki yuridik shaxsdan kelib tushgan, uning avvalgi murojaati yuzasidan qabul qilingan qaror ustidan shikoyat qilinayotgan yoki boshqacha tarzda norozilik bildirilayotgan, shuningdek, agar takroriy murojaat kelib tushgan paytga kelib qonunchilikda belgilangan ko‘rib chiqish muddati tugagan bo‘lsa, ilgarigi murojaati o‘z vaqtida ko‘rib chiqilmaganligi to‘g‘risida xabar qilinayotgan murojaat;
anonim murojaat — jismoniy shaxsning familiyasi (ismi, otasining ismi), uning yashash joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar yoki yuridik shaxsning to‘liq nomi, uning joylashgan eri (pochta manzili) to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilmagan yoxud ular haqida yolg‘on ma’lumotlar ko‘rsatilgan murojaat, shuningdek uni identifikatsiya qilish imkoniyatini bermaydigan elektron murojaat yoxud imzo bilan tasdiqlanmagan yozma murojaat;
murojaatning dublikati — ayni bir jismoniy yoki yuridik shaxs murojaatining ko‘chirma nusxasi;
ommaviy qabul — davlat organi rahbarining yoki bu borada vakolat berilgan mansabdor shaxsining jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillari bilan ommaviy uchrashuvlarida murojaatlarni qabul qilishga doir harakati;
videokonferensaloqa — uzoqda joylashgan bir nechta abonentlarning real vaqt rejimida audio- va videoaxborot almashish imkoniyati bilan axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda interaktiv hamkorlik qilishi;
davlat ishtirokidagi tashkilot — ustav fondida davlat ulushi mavjud bo‘lgan tijorat tashkiloti yoxud to‘liq yoki qisman davlat organi tomonidan tashkil etilgan yoki ta’sis etilgan notijorat tashkiloti.