Joriy yilning 1-may kuni “Elektromagnit moslashuv markazi” davlat unitar korxonasiga Tojikiston Respublikasi Hukumati huzuridagi Aloqa xizmatining “Elektromagnit moslashuv va radiomonitoring markazi” DUK delegatsiyasi tashrif buyurdi.
Mazkur tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad, O‘zbekiston Respublikasining radiochastota spektridan foydalanish sohasida amalga oshirilayotgan o‘lchov ishlari amaliyoti va radionazorat sohasida tajriba almashish masalalarini ko‘rib chiqishdan iborat.
Tashrif doirasida Tojikiston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi mutaxassislari o‘rtasida quyida keltirilgan masalalar bo‘yicha tajriba almashish ko‘zda tutilgan:
-radiomonitoring tizimlarini tashkil etish;
-o‘lchov ishlarida foydalaniladigan texnik vositalar va qurilmalar turlarini o‘rganish;
-chegara hududlarida radionazorat tadbirlarini o‘tkazish ishlarini tashkil etish;
-kadrlar siyosati va mutaxassislar malakasini oshirish;
-yangi turdagi texnologiyalarni radiomonitoring qilish imkoniyatlari;
-sohadagi qonunchilik va xalqaro hamkorlik;
-kelgusida radiochastota spektridan foydalanish sohasidagi ikki tomon hamkorligini yangi bosqichga olib chiqish uchun takliflar.
Mazkur tadbirlarning tashkil etilishi, O‘zbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi bilan chegaraoldi hududlarda elektromagnit muhitni baholash va tegishli choralarni koʻrish, shuningdek tomonlar mutaxassislarining sohada amalga oshirilayotgan o‘lchov ishlarida tajriba almashishlariga zamin yaratadi.