Insoniyat shakllanishining dastlabki davrlaridanoq o‘z fikr-mulohazalarini turli yo‘llar bilan ifodalash usullariga ehtiyoj sezila boshlagan. Odamzodning eng buyuk fazilatlaridan biri til vositasida so‘zlagan holda, fikrini bayon qila olishidir. Ushbu xislat natijasi o‘laroq tilga bo‘lgan munosabat shakllanagan. Insoniyatning millat va qavm bo‘lib taraqqiy etishi esa “ona tili” tushunchasining yuzaga kelishiga asos bo‘lgan. Shu sababli, til tarixini, uning shakllanish jarayonini, taraqqiy etishini millat tarixidan alohida holda o‘rganib bo‘lmaydi.
Yangilanayotgan O‘zbekistonning bugungi bosqichi — milliy yuksalish davri talablaridan kelib chiqib, ona tilimizning nufuzini yanada oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
2020-yilning 10-aprelida “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining imzolanishi, ona tilimizga bo‘lgan yuksak hurmatimizni aks ettiruvchi muhim hujjat bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
2025-yil 3-mart kuni Qashqadaryo viloyati Elektromagnit moslashuv xizmatida “Tilga e’tibor – elga e’tibor” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil qilindi. Tadbirga S.Nasafiy nomidagi Qashqadaryo viloyati Axborot-kutubxona markazi mutaxassisi O‘g‘iloy Otamurodova taklif etildi.
Ma’ruzachi tomonidan tadbir ishtirokchilariga ona tilimizning tarixiy ildizlaridan tortib davlat tili maqomini olish jarayonigacha bo‘lgan qiziqarli ma’lumotlar berib o‘tildi.
Xulosa o‘rnida shuni aytib o‘tish lozimki, o‘z ona tilimizni asrab avaylash, uning nufuzini oshirish, eng muhimi tilimizni sof holda kelajak avlodga yetkazish har bir O‘zbekiston fuqarosining oldida turgan ulkan vazifalaridan biridir.
Tayyorladi: Qashqadaryo viloyati EMMX 2-toifali muhandisi Bahodir Rahmonov