"EMMM" DUK yangiliklari

O‘quv soati

Joriy yilning 13-iyun kuni “Elektromagnit moslashuv markazi” davlat unitar korxonasi markaziy apparati bo‘lim va xizmatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar Elektromagnit moslashuv xizmatlari xodimlari uchun “ZOOM” ilovasi orqali o‘quv soati o‘tkazildi.

O‘quv soatida, Axborot xavfsizligi  va dasturiy mahsulotlarni ta’minlash bo‘limi yetakchi muhandisi D.E. Li tomonidan O‘zbekiston Respublikasining 15-aprel 2022-yildagi “Kiberxavfsizlik to‘g‘risida”gi O‘RQ-764-son Qonuni mazmun-mohiyati tushuntirildi.

Ushbu Qonunning maqsadi kiberxavfsizlik sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Kiberxavfsizlik to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.

Telekommunikatsiya tarmoqlari va aloqa kanallaridagi tezkor-qidiruv tadbirlari tizimining kiberxavfsizligini ta’minlash alohida qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining kiberxavfsizlik to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.

Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

axborotlashtirish obyekti — turli darajadagi va maqsaddagi axborot tizimlari, telekommunikatsiya tarmoqlari, axborotga ishlov berishning texnik vositalari, ushbu vositalar o‘rnatilgan va foydalaniladigan xonalar;

kiberjinoyatchilik — axborotni egallash, uni o‘zgartirish, yo‘q qilish yoki axborot tizimlari va resurslarini ishdan chiqarish maqsadida kibermakonda dasturiy ta’minot va texnik vositalardan foydalanilgan holda amalga oshiriladigan jinoyatlar yig‘indisi;

kibermakon — axborot texnologiyalari yordamida yaratilgan virtual muhit;

kibertahdid — kibermakonda shaxs, jamiyat va davlat manfaatlariga tahdid soluvchi shart-sharoitlar va omillar majmui;

kiberxavfsizlik — kibermakonda shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarining tashqi va ichki tahdidlardan himoyalanganlik holati;

kiberxavfsizlik hodisasi — kibermakonda axborot tizimlarining ishlashida uzilishlarga va (yoki) ulardagi axborotning ochiqligi, yaxlitligi va undan erkin foydalanilishining buzilishiga olib kelgan hodisa;

kiberxavfsizlik obyekti — axborotning kiberhimoya qilinishini hamda milliy axborot tizimlari va resurslarining kiberxavfsizligini ta’minlashga doir faoliyatda foydalaniladigan axborot tizimlari majmui, shu jumladan muhim axborot infratuzilmasi obyektlari;

kiberxavfsizlik subyekti — milliy axborot resurslariga ega bo‘lish, ulardan foydalanish va ularni tasarruf etish hamda ulardan foydalanish bo‘yicha elektron axborot xizmatlari ko‘rsatish, axborotni himoya qilish hamda kiberxavfsizlik bilan bog‘liq muayyan huquqlar va majburiyatlarga ega bo‘lgan yuridik shaxs va (yoki) yakka tartibdagi tadbirkor, shu jumladan muhim axborot infratuzilmasi subyektlari;

kiberhimoya — kiberxavfsizlik hodisalarining oldini olishga, kiberhujumlarni aniqlashga va ulardan himoya qilishga, kiberhujumlarning oqibatlarini bartaraf etishga, telekommunikatsiya tarmoqlari, axborot tizimlari hamda resurslari faoliyatining barqarorligini va ishonchliligini tiklashga qaratilgan huquqiy, tashkiliy, moliyaviy-iqtisodiy, muhandislik-texnik chora-tadbirlar, shuningdek ma’lumotlarni kriptografik va texnik jihatdan himoya qilish chora-tadbirlari majmui;

kiberhujum — kibermakonda apparat, apparat-dasturiy va dasturiy vositalardan foydalangan holda qasddan amalga oshiriladigan, kiberxavfsizlikka tahdid soladigan harakat;

muhim axborot infratuzilmasi — muhim strategik va ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘lgan avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarining, axborot tizimlari hamda tarmoqlar va texnologik jarayonlar resurslarining majmui;

muhim axborot infratuzilmasi obyektlari — davlat boshqaruvi va davlat xizmatlari ko‘rsatish, mudofaa, davlat xavfsizligini, huquq-tartibotni ta’minlash, yoqilg‘i-energetika majmui (atom energetikasi), kimyo, neft-kimyo tarmoqlari, metallurgiya, suvdan foydalanish va suv ta’minoti, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, uy-joy kommunal xizmatlar ko‘rsatish, bank-moliya tizimi, transport, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, strategik ahamiyatiga ega bo‘lgan foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash sohasida, ishlab chiqarish sohasida, shuningdek iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida va ijtimoiy sohada qo‘llaniladigan axborotlashtirish tizimlari;

muhim axborot infratuzilmasi subyektlari — davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek mulk, ijara huquqlari asosida yoki boshqa qonuniy asoslarda muhim axborot infratuzilmasi obyektlariga egalik qiluvchi yuridik shaxslar, shu jumladan muhim axborot infratuzilmasi obyektlarining ishlashini hamda hamkorligini ta’minlovchi yuridik shaxslar va (yoki) yakka tartibdagi tadbirkorlar.

Faylni tanlang