"EMMM" DUK yangiliklari

ZAHIRIDDIN MUHAMMAD BOBUR -  ADOLATLI SHOH  VA BUYUK SHOIR

Zahiriddin Muhammad Bobur  (1483-1530) Oʻrta asr Sharq madaniyati, adabiyoti va sheʼriyatida oʻziga xos oʻrin egallagan adib, shoir, olim boʻlish bilan birga,  yirik davlat arbobi va sarkarda hamdir. Bobur keng dunyoqarashi va mukammal aql-zakovati bilan Hindistonda Boburiylar sulolasiga asos solib, bu mamlakat tarixida davlat arbobi sifatida nomi qolgan boʻlsa, serjilo oʻzbek tilida yozilgan “Boburnoma” asari bilan jahonning mashhur tarixnavis olimlari qatoridan  mustahkam oʻrin oldi. Uning nafis gʻazal va ruboiylari turkiy sheʼriyatining eng nodir durdonalari boʻlib, “Mubayyin” (“Bayon etilgan”), «Xatgi  Boburiy», “Harb ishi”, Aruz haqidagi risolalari  islom qonunshunosligi, sheʼriyat va til nazariyasi sohalariga munosib hissa boʻlib qoʻshildi.

Tarixiy maʼlumotlarda aytilishicha,  Boburning Hindistonga yurishida Dehli hukmdori Ibrohim Sulton siyosatidan norozi boʻlgan Panjob hokimlari ham Boburni qoʻllaganlar va Sikri jangidagi bu gʻalaba Boburga Hindistonda oʻz hukmronligini uzil-kesil oʻrnatish va Boburiylar sulolasini barpo etish imkoniyatini berdi. Boburiylar sulolasi Hindistonda 300-yildan ortiq vaqt hukmronlik qildi.

Bobur bu gʻalabadan keyin uzoq yashamadi — 1530-yil dekabr oyida, Agra shahrida vafot etdi va keyinroq uning vasiyatiga koʻra farzandlari uning xokini Kobulga keltirib dafn etdilar.

Boburning davlat ishlaridagi xizmati nimada? Avvalo, u  Hindistonda siyosiy muhitni barqarorlashtirish, mamlakat  yerlarini birlashtirish, shaharlarni obodonlashtirish, savdo-sotiq masalalarini toʻgʻri yoʻlga qoʻyish bogʻ-rogʻlar yaratish ishlariga  shaxsan oʻzi homiylik qildi. Hozirgacha mashhur boʻlgan meʼmoriy yodgorliklar, bogʻlar, kutubxonalar, karvonsaroylar qurdirish, ayniqsa, uning oʻgʻillari va avlodlari davrida kengaydi, deyish mumkin.  Hindiston sanʼati va meʼmorchiligiga Markaziy Osiyo uslubining kirib kelishi sezila boshladi. Bobur va uning hukmdor avlodlari huzurida oʻsha davrning ilgʻor va zehni oʻtkir olimlari, shoirlari, musiqashunoslari va davlat arboblarini mujassam etgan mukammal bir maʼnaviy-ruhiy muhit vujudga kelgandi. Boburiylar davlatidagi madaniy muhitning Hindiston uchun ahamiyati haqida hind xalqining mashhur arbobi Javoharlaʼl Neru shunday yozgan edi: “Bobur Hindistonga kelgandan keyin katga siljishlar yuz berdi va yangi ragʻbatlantirishlar hayotga, sanʼatga, arxitekturaga toza havo baxsh etdi, madaniyatning boshqa sohalari esa bir-birlariga tutashib ketdi”.

Bobur Hindistonda katta hajmdagi  adolatli davlat ishlari bilan bir qatorda, adabiy-badiiy faoliyatini ham davom ettirdi va yuqorida zikr etilgan asarlarini yaratdi. Boburning butun jahon ommasiga mashhur boʻlgan shoh asari “Boburnoma” hisoblanadi. Maʼlumki, unda Bobur yashagan davr oraligʻida Movarounnahr, Xuroson, Eron va Hindiston xalqlari tarixi  yaxshi yoritilgan. Asar asosan uch qismdan iborat boʻlib, uning birinchi qismi — XV asrning ikkinchi yarmida Markaziy Osiyoda roʻy bergan voqealarni; ikkinchi qismi — XV asrning oxiri va XVI asrning birinchi yarmida Kobul ulusi, yaʼni Afgʻonistonda roʻy bergan voqealarni; uchinchi qismi — XVI asrning birinchi choragidagi Shimoliy Hindiston xalqlari tarixiga bagʻishlangan. “Boburnoma”da oʻsha davrning siyosiy voqealari mukammal bayon qilinar ekan, oʻz yurti Fargʻona viloyatining siyosiy-iqtisodiy ahvoli, uning poytaxti Andijon shahri, Markaziy Osiyoning yirik shaharlari: Samarqand, Buxoro, Qarshi, Shahrisabz, Oʻsh, Urganch, Oʻratepa, Termiz va boshqa shaharlar haqida nihoyatda nodir maʼlumotlar keltirilgan. Unda Kobul ulusining yirik shaharlari Kobul, Gʻazna va ular ixtiyoridagi koʻpdan-koʻp tumanlar, viloyatlar, Shimoliy Hindiston haqida maʼlumotlarni uchratish mumkin.

“Boburnoma”ni varaqlarkanmiz, koʻz oldimizdan Markaziy Osiyo, Afgʻoniston va Hindiston xalqlariga xos boʻlgan fazilat va nuqsonlar, ularning tafakkur olamini kengligi va murakkabligi bilan birga, oʻsha davrdagi hayot muammolari, Bobur davlatidagi siyosiy va ijtimoiy hayotning toʻliq manzarasi namoyon boʻladi.

Faylni tanlang