Bugungi kunda mamlakatimizda gaz taqsimlash tarmoqlarini rivojlantirish va ulardan foydalanish sohasida yagona texnik siyosatni samarali amalga oshirish, iste’molchilarga tabiiy gazni yetkazib berish va sotishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga asoslangan zamonaviy boshqaruv tizimini yaratish, energiya resurslaridan oqilona foydalanishni yo‘lga qo‘ygan holda aholi va tadbirkorlik subyektlarining ortib borayotgan ehtiyojlarini qondirish masalasi muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Hududlarda tabiiy gaz hisobining haqqoniyligini ta’minlash, asossiz yo‘qotishlarga barham berish, shuningdek nazorat qilish avtomatlashtirilgan tizimini samarali ishlashini yo‘lga qo‘yish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasi huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining 2025-yil 20-martdagi farmoyishi qabul qilindi. Mazkur farmoyish bilan hududiy ishchi guruhlarning tarkibi va ularning vazifalari belgilab berildi.
Sirdaryo viloyatida hududiy ishchi guruhning tarkibiga Sirdaryo viloyati EMMX ham kiritilgan bo‘lib, gazlashtirilgan mahallalarda mobil aloqa qamrovining o‘lchov ishlarini amalga oshirish va elektron gaz hisoblagichlarga signal sathi eng yuqori bo‘lgan mobil aloqa operatorlarining SIM kartalarini o‘rnatish bo‘yicha tavsiyalarni ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan.
Bugungi kunga kelib, hududiy ishchi guruh tomonidan Sirdaryo viloyatidagi gazlashtirilgan jami 172 ta mahallalarda mobil aloqa qamrovining o‘lchov ishlari amalga oshirilib, berilgan tavsiyalarga asosan “Hududgaz Sirdaryo” gaz ta’minot filiali va “Texnopark” MChJ mutaxassislari tomonidan elektron gaz hisoblagichlarga akkumulyator batareyalar bilan birga SIM kartalarni o‘rnatish ishlari davom etmoqda.
Tayyorladi: Sirdaryo viloyati EMMX 1-toifali muhandisi J.S. Raimdjanov